Foydalanish kelishuvi
1. Umumiy qoidalar
1.1. Mazkur Foydalanish kelishuvi (keyingi o‘rinlarda — Kelishuv) O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367-moddasiga muvofiq, «RealSoft» MCHJning (keyingi o‘rinlarda — Kompaniya yoki «RealSoft» MCHJ) ommaviy ofertasi hisoblanadi va ushbu Kelishuv tuziladigan RSID axborot tizimi orqali taqdim etiladigan Servislardan foydalanish shartlari va qoidalarini belgilaydi.
1.2. Ushbu Kelishuvning shartlari barcha foydalanuvchilar uchun bir xildir.
1.3. Servisdan/uning alohida funksiyalaridan foydalanishni boshlash yoki ro‘yxatdan o‘tish orqali Foydalanuvchi Kelishuv shartlarini hech qanday istisnolarsiz to‘liq qabul qilgan hisoblanadi. Bunda, Kelishuv ushbu Kelishuv shartlari asosida yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi hamda Foydalanuvchi va Kompaniya tomonidan imzolangan deb qaraladi.
1.4. Foydalanuvchi Kelishuvning biror qoidasidan norozi bo‘lgan taqdirda, Servisdan foydalanishga haqli emas.
1.5. Kompaniya ushbu Kelishuv shartlarini Foydalanuvchini oldindan xabardor qilmasdan o‘zgartirish huquqiga ega. Kelishuv shartlariga kiritilgan o‘zgartirishlar ular Servisga joylashtirilgan kundan boshlab 3 (uch) kun o‘tgach kuchga kiradi va bir vaqtning o‘zida shartnomaning oldingi versiyasi o‘z kuchini yo‘qotadi.
1.6. Ushbu Kelishuvda quyidagi atamalar ta’riflari qo‘llaniladi:
Servis — RSID mobil ilovasi (Android va iOS operatsion tizimlari uchun), RSID mobile SDK, RSID web SDK va RSID biometrik identifikatsiya axborot tizimining boshqa tarkibiy qismlari bo‘lib, jismoniy shaxslarga onlayn rejimda moliyaviy va boshqa Servislardan ruxsat etilgan foydalanishni taqdim etish uchun shaxsning biometrik parametrlari (yuz geometriyasi) bo‘yicha identifikatsiya va autentifikatsiyani amalga oshirish imkonini beradi;
Servis egasi — «RealSoft» MCHJ hisoblanadi;
Jismoniy shaxs — biometrik shakldagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportiga yoki ID-kartaga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan va belgilangan tartibda ID-karta olgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs, shuningdek, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JSHSHIR) belgilangan tartibda olgan norezident — chet el fuqarosi;
Foydalanuvchi — Internet tarmog‘i orqali Servisdan foydalanuvchi shaxs;
Shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash — shaxsiy ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, qo‘shish, ishlatish, taqdim etish, uzatish, shaxssizlashtirish va yo‘q qilish bo‘yicha bir yoki bir qator harakatlarni amalga oshirish;
Servisni himoya qilish vositalari — qurilma egasining PIN-kodini o‘rnatish, biometrik xususiyatlari (barmoq izi va boshqalar) bo‘yicha autentifikatsiya qilishni o‘z ichiga olgan, uchinchi shaxslarning ruxsatsiz kirishidan Servisni himoya qilish mexanizmlari.
2. Kelishuv predmeti
2.1. «RealSoft» MCHJ jismoniy shaxslarga Servisga ulangan axborot resurslariga onlayn rejimda ruxsat etilgan kirishni olish uchun Servisdan foydalanish imkoniyatini beradi.
2.2. Servisdan faqat Foydalanuvchining qurilmasida Internetdan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lganda foydalanish mumkin (iloji boricha 256 Kbit/sekunddan kam bo‘lmasligi tavsiya etiladi).
2.3. «RealSoft» MCHJ O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq rasmiy bayram kunlaridan tashqari dushanbadan jumagacha sakkiz soatlik ish kuni rejimida foydalanuvchilarga ularning so‘rovlari bo‘yicha konsultativ yordamini ko‘rsatadi.
2.4. Servislar «qanday bo‘lsa, shundayligicha» (as it is) shartlarida taqdim etiladi. «RealSoft» MCHJ Servisning Foydalanuvchining aniq maqsadlari va umidlariga mos kelishiga hech qanday kafolat bermaydi.
3. Ishonchliligi buzilgan (komprometatsiyalashgan) qurilmalardan foydalanishni taqiqlash
3.1. Foydalanuvchiga quyidagi qurilmalarda Servisdan foydalanish TAQIQLANGAN:
3.1.1. Root huquqlari olingan bo‘lsa (root access);
3.1.2. qurilma emulyatsiyasi amalga oshirilayotgan bo‘lsa (Android/iOS emulyatori yoki boshqa virtual muhit);
3.1.3. tarmoq trafigini ushlab qolish yoki almashtirish (Man-in-the-Middle va boshqalar), shu jumladan soxta SSL-sertifikatlari, proksi-serverlar, snifferlar va shunga o‘xshash vositalardan foydalangan holda amalga oshirilayotgan bo‘lsa.
3.2. Ko‘rsatib o‘tilgan qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda:
3.2.1. Foydalanuvchining Servisga kirishi tiklash imkoniyatisiz darhol va butunlay bloklanishi mumkin;
3.2.2. tegishli texnik va foydalanuvchi ma’lumotlari (shu jumladan IP-manzillar, qurilma va harakatlar identifikatorlari) qayd etilishi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq vakolatli davlat organlari hamda huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilishi mumkin.
4. Foydalanuvchini RSID mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazish shartlari va tartibi
4.1. Servisda ro‘yxatdan o‘tish uchun Foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amaldagi biometrik pasporti yoki ID-kartasi seriyasini, raqamini va tug‘ilgan sanasini ko‘rsatishi yoki JSHSHIRni kiritishi kerak.
4.2. Servisda Foydalanuvchiga ushbu Kelishuv shartlari bilan tanishish va qabul qilish imkoniyati beriladi.
4.2.1. Foydalanuvchi ushbu Kelishuv shartlariga rozilik bermasdan ro‘yxatdan o‘tishni davom ettira olmaydi.
4.2.2. Ushbu Kelishuv shartlari bilan o‘z vaqtida tanishib chiqmagan Foydalanuvchi Servisdan foydalanish natijasida o‘zi uchun kelib chiqishi mumkin bo‘lgan noqulay oqibatlar bilan bog‘liq barcha xavflarni o‘z zimmasiga oladi.
4.2.3. Foydalanuvchi ushbu Servisda Kelishuv shartlarini qabul qilgan holda, identifikatsiya va autentifikatsiyani ta’minlash uchun uning shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashga rozilik beradi.
4.2.4. Foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlari ushbu Kelishuvga ilova qilingan Maxfiylik siyosati shartlariga va «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq qayta ishlanadi.
4.3. Ro‘yxatdan o‘tishni yakunlash uchun Foydalanuvchi mobil qurilmasida Servisga kirishni himoyalash uchun PIN-kodni o‘rnatishi kerak.
4.4. Mobil telefon raqami o‘zgargan taqdirda, Foydalanuvchi uni profilida bir martalik parol (OTP) bilan tasdiqlash orqali o‘zgartirishi mumkin.
5. Foydalanuvchining huquq va majburiyatlari
5.1. Foydalanuvchi Servisga ulangan axborot resurslariga kirish uchun Servislardan foydalanish huquqiga ega.
5.2. Foydalanuvchi Servislardan uchinchi shaxslarning huquqlarini buzish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga zid maqsadlarda foydalanishga haqli emas.
5.3. Servis foydalanuvchisi quyidagilarni bajarishi shart:
5.3.1. ushbu Kelishuv talablarini bajarish;
5.3.2. Servisdan foydalanishda ishonchli ma’lumotlarni taqdim etish, o‘zini boshqa shaxs sifatida ko‘rsatmaslik;
5.3.3. Ilovaning eng so‘nggi va yangilangan versiyasidan foydalanish. Eski versiyalardan foydalanish oqibatida yuzaga kelgan xatoliklar uchun Kompaniya javobgar bo‘lmaydi;
5.3.4. Servisga kirish amalga oshiriladigan qurilmalar va himoya vositalarining axborot xavfsizligini ta’minlash;
5.3.5. Servisdan foydalanish vositalarining maxfiyligi yoki xavfsizligi buzilgan taqdirda (yoki buzilishiga shubha tug‘ilganda) Kompaniyaga zudlik bilan xabar berish;
5.3.6. Servisdan firibgarlik va boshqa noqonuniy maqsadlarda foydalanmaslik;
5.3.7. alohida qoidalarga yoki umuman ushbu Kelishuvga rozi bo‘lmasa, Servisdan har qanday foydalanishni to‘xtatish.
Mazkur Kelishuvning 3-bo‘limida keltirilgan qurilmalardan ushbu Servisdan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
6. Kompaniyaning huquq va majburiyatlari
6.1. «RealSoft» MCHJ quyidagi huquqlarga ega:
a) quyidagi holatlardan har birida Foydalanuvchining kirish imkoniyatini bloklash orqali uning Servisga ulangan axborot resurslariga kirishini cheklash yoki Foydalanuvchini Servisga kirishdan butunlay mahrum qilish:
Foydalanuvchi tomonidan ushbu Kelishuv shartlarining buzilishi;
qonun hujjatlari yoki sud qarori talablariga rioya etish talab etilsa;
«RealSoft» MCHJda Foydalanuvchining xatti-harakatlari «RealSoft» MCHJga, shuningdek jismoniy va/yoki yuridik shaxslarga zarar yetkazishi mumkin deb hisoblash uchun asoslar mavjud bo‘lsa (bu Kelishuv shartlarini qo‘pol ravishda buzish deb baholanadi).
Bunday harakatlarga quyidagilar kiradi:
Servis dasturiy ta’minotiga ruxsatsiz kirish, jumladan, uni buzishga urinish;
aldashga doir harakatlar, shu jumladan o‘zini boshqa shaxs yoki tashkilot deb ko‘rsatishga urinish;
nomunosib dasturiy-apparat muhitidan foydalanish (mobil qurilmalar emulyatorlarida ishga tushirish, root-huquqlarga ega qurilmalardan foydalanish, tarmoq trafigini ushlab qolish, tahlil qilish yoki o‘zgartirish uchun texnik vositalarni qo‘llash).
b) Foydalanuvchini oldindan xabardor qilmasdan, istalgan vaqtda Servisga ulangan axborot resurslariga kirishni vaqtincha, noma’lum muddatga yoki butunlay cheklash yoki o‘chirib qo‘yish.
6.2. «RealSoft» MCHJ quyidagilarni bajarishi shart:
rejali profilaktika ishlari bilan bog‘liq tanaffuslar yoki uchinchi shaxslarning aybi bilan Servis faoliyatidagi uzilishlar holatlaridan tashqari, Servisning uzluksiz ishlashini ta’minlash;
Servisdan foydalanish jarayonida Foydalanuvchilarga konsultativ yordam ko‘rsatish;
O‘zbekiston Respublikasining shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq Foydalanuvchilarning shaxsga doir ma’lumotlarini himoya qilish, maxfiylikka rioya etish, shaxsiy ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berilishining oldini olish bo‘yicha huquqiy, tashkiliy va texnik choralar ko‘rish.
7. Kelishuvning amal qilish muddati va bekor bo‘lish tartibi
7.1. Mazkur Kelishuv ommaviy oferta hisoblanadi va Foydalanuvchi tomonidan uning shartlari aksept qilingan (Servisda ro‘yxatdan o‘tish amallari yakunlangan, shaxsiy akkaunt yaratilgan yoxud Servis/Ilovadan amalda foydalanish boshlangan) paytdan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi. Kelishuv noma’lum muddatga tuzilgan deb hisoblanadi.
7.2. Servis yoki unga bog‘langan mobil ilovaning Foydalanuvchi qurilmasidan (telefon, planshet, kompyuter va b.) shunchaki o‘chirib tashlanishi (deinstallyatsiya) yoxud undan amalda foydalanmaslik ushbu Kelishuvni bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi hamda Foydalanuvchini uning majburiyatlaridan, shuningdek, shartnoma o‘chirilgunga qadar yuzaga kelgan qarzdorliklar yoki javobgarlikdan ozod etmaydi.
7.3. Kelishuv Foydalanuvchi tashabbusi bilan faqat shaxsiy akkauntni to‘liq o‘chirish (yopish) hamda Servisga bu haqda yozma yoki elektron bildirishnoma yuborish orqali bekor qilinishi mumkin. Bunda Foydalanuvchining Servis oldidagi barcha moliyaviy va shartnomaviy majburiyatlari to‘liq bajarilgan bo‘lishi shart.
7.4. Ilova o‘chirilgan, Foydalanuvchi akkaunti yopilgan yoki Kelishuv bekor qilingan kundan e’tiboran, ushbu Kelishuvning Tomonlar javobgarligi, nizolarni hal etish hamda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash, saqlash va arxivlashga oid qoidalari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq keyingi 5 (besh) yil davomida o‘zining yuridik kuchini to‘liq saqlab qoladi.
7.5. Mazkur Kelishuv doirasida Foydalanuvchiga ma’lum bo‘lgan maxfiy ma’lumotlar hamda tijorat siri hisoblangan ma’lumotlarni oshkor etmaslik va sir saqlash majburiyati Kelishuv bekor qilinganidan keyin ham, O‘zbekiston Respublikasining «Tijorat siri to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, ushbu ma’lumotlar qonuniy tartibda maxfiyligini yo‘qotgunga qadar (muddatsiz ravishda) o‘z kuchini saqlab qoladi va Foydalanuvchi uchun majburiy hisoblanadi.
8. Intellektual mulk huquqlari
8.1. Servis va uning barcha tarkibiy qismlari, shu jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda: «RSID» mobil ilovasi, «RSID mobile SDK», «RSID web SDK», barcha dasturiy kodlar (boshlang‘ich va obyekt kodlari), tizim arxitekturasi, ma’lumotlar bazalari, algoritmlar, biometrik identifikatsiya texnologiyalari, dizayn yechimlari, UI/UX interfeysi, grafik elementlar, matnlar, logotiplar, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, firma nomlari hamda ishlab chiqarish sirlari (nou-xau) Kompaniyaning («RealSoft» MCHJ) mutlaq huquqlari obyekti (intellektual mulki) hisoblanadi. Mazkur obyektlar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, amaldagi qonunchiligi hamda intellektual mulk muhofazasiga oid xalqaro shartnomalari bilan to‘liq himoya qilinadi.
8.2. Foydalanuvchiga Servisdan faqat ushbu Kelishuvda belgilangan maqsadlarda va shartlar asosida foydalanish uchun muddatli, cheklangan, mutlaq bo‘lmagan, uchinchi shaxslarga o‘tkazilmaydigan, sub-litsenziya berish huquqisiz hamda Kompaniya tomonidan istalgan vaqtda bir tomonlama tartibda chaqirib olinishi (bekor qilinishi) mumkin bo‘lgan litsenziya (foydalanish huquqi) taqdim etiladi. Ushbu Kelishuvning hech bir qoidasi Foydalanuvchiga Servisga yoki uning biror bir tarkibiy qismiga nisbatan mutlaq huquqlarni (intellektual mulk huquqlarini) yoki egalik vakolatlarini o‘tkazish (begonalashtirish) deb talqin qilinishi mumkin emas.
8.3. Kompaniyaning («RealSoft» MCHJ) oldindan olingan, vakolatli shaxs tomonidan imzolangan va muhrlangan rasmiy yozma roziligisiz Foydalanuvchiga quyidagi harakatlarni amalga oshirish qat’iyan taqiqlanadi:
8.3.1. Servisning har qanday tarkibiy qismini (jumladan, «RSID» mobil ilovasi, SDK modullari, dasturiy kodlari, API interfeyslari, kutubxonalari va algoritmlarini) to‘liq yoki qisman nusxalash, o‘zgartirish (modifikatsiya qilish), qayta ishlash, tarqatish, sotish, ijaraga yoki lizingga berish yoxud uchinchi shaxslarga tijoriy, shaxsiy yoki ommaviy foydalanish uchun har qanday shaklda taqdim etish;
8.3.2. dasturiy ta’minotni dekompilyatsiya qilish, teskari muhandislikni (reverse engineering) qo‘llash, tarkibiy qismlarga (modullarga) ajratish, dizassemblerlash, shuningdek, Servisning boshlang‘ich matnini (source code) va tizim arxitekturasini aniqlashga, o‘zgartirishga yoxud uni har qanday shaklda qonunsiz o‘zlashtirishga qaratilgan har qanday harakatlar yoki urinishlarni amalga oshirish; hosila va raqobatdosh mahsulotlar yaratish: Servisning dasturiy ta’minoti, arxitekturasi, ma’lumotlar bazasi dizayni yoki ish mantig‘i (biznes-logikasi) asosida unga o‘xshash yoki o‘zgartirilgan hosila (derivative) mahsulotlarni, shuningdek, bozorga qaratilgan raqobatdosh dasturiy vositalar va xizmatlarni yaratish;
8.3.3. Servisning axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni muhofaza qilish tizimlari hamda mexanizmlarini yengib o‘tish (yo‘q qilish, buzish), litsenziyalash cheklovlarini va foydalanuvchini autentifikatsiya qilish (shu jumladan, biometrik identifikatsiya va shaxsni aniqlash) tizimlarini aylanib o‘tish, Servisning himoyalangan resurslariga, kompyuter ma’lumotlariga yoki uning tarkibiy qismlariga ruxsatsiz kirish (modifikatsiya qilish, nusxa ko‘chirish, bloklash) yoxud shunga qaratilgan har qanday texnik yoki dasturiy urinishlarni amalga oshirish;
8.3.4. Servisdan foydalanish jarayonida har qanday zararli dasturiy ta’minotlar (kompyuter viruslari, troyanlar, josuslik va zarar keltiruvchi boshqa dasturlar yoki kodlar), tarmoq ma’lumotlar oqimini (trafigini) noqonuniy tutib qolish va tahlil qilish vositalari (snifferlar), Servis tarkibidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda to‘plash, ko‘chirish va skanerlash dasturlari (skraping, parserlar, botlar, veb-kraulerlar)dan foydalanish; shuningdek, Servisning yoki uning serverlarining barqaror ishlashiga xavf tug‘diruvchi, axborotlarni yo‘q qilish, modifikatsiya qilish yoki bloklashga qaratilgan yoxud server yuklamasini asossiz ravishda oshiruvchi (DoS/DDoS hujumlarini keltirib chiqaruvchi) har qanday skriptlar va texnik vositalarni qo‘llash;
8.3.5. tovar belgilari va firma nomlaridan ruxsatsiz foydalanish hamda insofsiz harakatlar: Kompaniyaga tegishli tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, brend elementlari, logotiplar, domen nomlari hamda firma nomlaridan shaxsiy, tijoriy yoki boshqa maqsadlarda Kompaniyaning oldindan berilgan yozma roziligisiz (ruxsatsiz) har qanday shaklda foydalanish; shu jumladan uchinchi shaxslarni chalg‘itish maqsadida o‘zini Kompaniyaning rasmiy vakili, dileri, distribyutori, hamkori yoki affillangan (bog‘liq) shaxsi sifatida soxta ko‘rsatish (feyk, fishing va insofsiz raqobat harakatlarini amalga oshirish).
8.4. Foydalanuvchi tomonidan ushbu Kelishuvda ko‘rsatilgan intellektual mulk huquqlari hamda taqiqlarning qasddan yoki ehtiyotsizlik orqali buzilishi Kelishuv shartlarining qo‘pol ravishda buzilishi hamda qonunbuzarlik hisoblanadi. Bunday holatlar aniqlangan taqdirda, Kompaniya («RealSoft» MCHJ) quyidagi choralarni bir vaqtda yoki alohida qo‘llash huquqiga ega:
8.4.1. Foydalanuvchining Servisga, uning shaxsiy akkauntiga hamda barcha bog‘liq SDK modullari va API interfeyslariga kirish huquqini darhol, hech qanday oldindan ogohlantirishsiz va bir tomonlama tartibda butunlay bloklash (litsenziyani chaqirib olish) hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlarni to‘xtatish;
8.4.2. zararlarni to‘liq hajmda undirish: intellektual mulk obyektlaridan va Servisdan noqonuniy foydalanish natijasida Kompaniyaga yetkazilgan barcha moddiy zararlarni, jumladan, haqiqiy zararni, boy berilgan foydani (manfaatni) hamda huquqlarni himoya qilish va tiklash bilan bog‘liq bo‘lgan barcha yuridik (sud va advokatlik) xarajatlarini Foydalanuvchidan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14 va 1040-moddalariga muvofiq to‘liq hajmda undirishni talab qilish;
8.4.3. aybdor shaxslarni O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi (177¹-modda — Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) hamda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari (jumladan, intellektual mulk va kiberxavfsizlikka oid qismlari) bo‘yicha qonuniy javobgarlikka tortish uchun huquqni muhofaza qiluvchi (sud, prokuratura, ichki ishlar va b.) organlarga rasmiy da’vo arizalari va murojaatnomalar yuborish.
9. Tomonlarning javobgarligi
9.1. Ushbu Kelishuvda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va ushbu Kelishuvga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
9.2. Foydalanuvchi ushbu Kelishuv shartlariga rioya qilmaganligi sababli «RealSoft» MCHJ va/yoki jismoniy hamda boshqa yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi.
9.3. Foydalanuvchi o‘zi tanlagan Servisga kirishni himoya qilish vositalarining saqlanishi va uchinchi shaxslar tomonidan foydalanilmasligi, shuningdek, mobil qurilmaning xavfsizligi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi. Bunda, Foydalanuvchining akkaunti ostidagi barcha harakatlar uning o‘zi tomonidan amalga oshirilgan deb hisoblanadi.
9.4. Servisda ro‘yxatdan o‘tish orqali Foydalanuvchi Servisdan foydalanish yoki foydalana olmaslik faqat uning o‘z ixtiyoriga bog‘liqligiga rozilik beradi.
9.5. Foydalanuvchi shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy va jinoiy qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘lishini tushunadi.
9.6. «RealSoft» MCHJ ushbu Kelishuv 8.7-bandining «f» kichik bandida ko‘rsatilgan holatlardan tashqari, Servisning barqaror va uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun javobgardir.
9.7. «RealSoft» MCHJ quyidagilar uchun javobgar emas:
a) «RealSoft» MCHJ vakolati doirasidan tashqaridagi hodisalar, shuningdek, Foydalanuvchi va/yoki uchinchi shaxslarning harakatlari yoki harakatsizligi natijasida yuzaga kelgan salbiy oqibatlar va zararlar uchun;
b) Foydalanuvchining Servisdan foydalanishi yoki foydalana olmasligi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zarar yoki yo‘qotishlar uchun;
c) agar Foydalanuvchining ma’lumotlari uchinchi shaxslarga (qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida), qurilmaga ruxsatsiz kirish yoki virusli/zararli dasturiy ta’minot harakatlari natijasida ochiq bo‘lib qolsa;
d) o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar, davlat yoki sud hokimiyati organlari tomonidan qo‘yilgan taqiqlar tufayli Servisdan foydalanish imkoniyati yo‘qligi uchun;
e) shaxsga doir ma’lumotlar uning aybisiz yo‘qotilganligi uchun;
f) ishdagi uzilishlar yoki Servis funksiyalarini amalga oshirish imkoniyati yo‘qligi uchun (agar bu uchinchi shaxslarning ruxsatsiz xatti-harakatlari, ulangan veb-servislar ishlamasligi, profilaktika ishlari, elektr va aloqa tarmoqlaridagi uzilishlar, davlat ma’lumotlar bazalarida ma’lumotlarning dolzarb emasligi oqibatida yuzaga kelsa);
g) Foydalanuvchi ushbu Kelishuv shartlari va boshqa qoidalar bilan o‘z vaqtida tanishib chiqmaganligi sababli yetkazilgan har qanday yo‘qotish uchun.
9.8. «RealSoft» MCHJ Servisga ulangan axborot resurslari orqali xizmatlardan foydalanayotganda uzluksiz yoki xatosiz ishlashiga kafolat bermaydi.
9.9. Tomonlar yengib bo‘lmas kuch holatlari (fors-major: suv toshqini, yong‘in, zilzila, urush, qamal va boshqa ofatlar) oqibatida o‘z majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgar bo‘lmaydilar.
10. Nizolarni hal etish tartibi
10.1. Ushbu Kelishuv (Oferta) yuzasidan kelib chiqadigan barcha nizolar va kelishmovchiliklar tomonlar o‘rtasida majburiy ravishda sudgacha bo‘lgan da’vo (talabnoma) tartibida hal etiladi.
10.2. «RealSoft» MCHJ ushbu Kelishuv bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, Foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasining «Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi Qonunining 15 va 17-moddalari hamda Fuqarolik kodeksining 384-moddasiga muvofiq, faqat hujjat.uz elektron hujjat aylanishi tizimi orqali ERI bilan tasdiqlangan rasmiy yozma taklif (da’vo arizasi/talabnoma) yuborishga haqli. Og‘zaki, telefon orqali yoki ijtimoiy tarmoqlar (Telegram va h.k.) orqali qilingan murojaatlar yuridik kuchga ega emas va rasmiy da’vo sifatida tan olinmaydi.
10.3. «RealSoft» MCHJ Foydalanuvchining rasmiy taklifini (da’vosini) yuqorida qayd etilgan Qonunning 15 va 17-moddalarida belgilangan tartibda, u hujjat.uz tizimi orqali rasmiy kelib tushgan sanadan boshlab 30 (o‘ttiz) kalendar kuni ichida ko‘rib chiqadi va javob qaytaradi.
10.4. Da’voga (talabnomaga) javob «RealSoft» MCHJ tomonidan hujjat.uz tizimi orqali elektron shaklda yuboriladi, Foydalanuvchining rasmiy pochta manziliga buyurtma xat orqali jo‘natiladi yoki Foydalanuvchiga tilxat bilan topshiriladi.
10.5. Foydalanuvchi ushbu Kelishuvning 9.3-bandida ko‘rsatilgan 30 kunlik muddat davomida «RealSoft» MCHJdan rasmiy rad javobi olmaguncha yoki ushbu muddat to‘liq tugamaguncha, shartnomaviy munosabatlarni o‘zgartirish, bekor qilish yoki nizo yuzasidan sud organlariga yoxud boshqa davlat tashkilotlariga murojaat qilish huquqiga ega emas.